Sotimboyeva Surayyo Ruslan qizi
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining matbuot kotibi to’g’risidagi
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Matbuot kotibi TTA Urganch filiali (keyingi o’rinlarda filial deb ataladi)ning mustaqil tarkibiy bo’linmasi hisoblanadi hamda bevosita filial direktoriga bo’ysunadi.
- Matbuot kotibi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga va O’zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari va qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’limi vazirining buyruqlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
- Matbuot kotibi o’z faoliyatini Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, filialning tarkibiy bo’limlari hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlarining tegishli xizmatlari bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Matbuot kotibining asosiy vazifalari va funksiyalari
- 4. Quyidagilar Matbuot kotibining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati hamda filial rahbariyati tomonidan zamonaviy talabalarga muvofiq belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni ta’minlash;
- keng jamoatchilikni filial faoliyati, uning sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlari to’g’risida xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish;
- ommaviy axborot vositalari (keyingi o’rinlarda OAV deb ataladi) bilan hamkorlik qilish, doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, axborot xabarlarini tarqatish, filialda ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
- filialning rasmiy veb-saytida axborotni tezkorlik bilan joylashtirish va o’z vaqtida yangilab borish, internet tarmog’idagi veb-resurslarni, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarni rivojlantirish;
- Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati hamda filial tarkibidagi bo’limlardagi belgilangan xodimlar bilan birgalikda milliy va xorijiy OAVda tarqatish uchun xabar, axborot-ma’lumot materiallar, sharhlar va axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;
- filial faoliyatiga nisbatan jamoatchilik fikrining holati hamda OAV pozitsiyasini tahlil qilish va ular to’g’risida filial direktoriga axborot berish;
- filialning faoliyat sohasiga aloqador matnli, foto, audio va videomateriallar ma’lumotlar bankini shakllantirish va yuritish.
- 5. Matbuot kotibi o’ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:
- OAVda, shu jumladan, Internet tarmog’ida axborot e’lon qiladi, shuningdek, ularning veb-saytlarda, hamma kirishi mumkin bo’lgan xonalar va joylarga joylashtirish hamda yangilab borishni ta’minlaydi;
- filial rahbarlari ishtirokida tadbirlar (majlislar, yig’ilishlar, uchrushuvlar, matbuot anjumanlari, brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqalar)ni tashkil etadi va o’tkazadi;
- OAV va jurnalistlarning so’rovi asosida ularga og’zaki va yozma shaklda, shu jumladan, elektron shaklda axborot taqdim etadi;
- OAVga taqdim etish zarur bo’lgan axborotni filialning boshqa bo’limlari bilan hamkorlikda to’playdi va ularni puxta ishlaydi;
- filial faoliyatiga doir masalalar bo’yicha bosma materiallarni tayyorlaydi hamda teleko’rsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkil etadi;
- filial veb-saytini tashkil etilishini va uni zamonaviy darajada yuritilishini ta’minlaydi;
- filial faoliyati yoritilgan materiallarni belgilangan tartibda saqlash uchun ularning arxivlashtirilishini ta’minlaydi;
- filial faoliyatiga doir foto, audio va videomateriallarni tayyorlaydi hamda ularni tayyorlash jarayonida davlat va nodavlat OAV bilan o’zaro hamkorlik qiladi.
- 6. Matbuot kotibi o’z vakolatlari doirasida milliy axborot agentliklari hamda OAVning filial faoliyati to’g’risidagi materiallarni tayyorlashda ko’maklashish to’g’risidagi buyurtmanomalari va so’rovlarini ko’rib chiqadi.
3-bob. Matbuot kotibining huquqlari va javobgarligi
7. Matbuot kotibi o’ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Matbuot kotibi vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun zarur bo’lgan axborotni filial tarkibidagi bo’limlaridan belgilangan tartibda so’rab olish;
filialning yig’ilishlarida, majlislarida va boshqa tadbirlarida qatnashish;
qo’yilgan vazifalarni bajarish uchun filial direktori bilan kelishilgan holda filial bo’limlari xodimlarini, shuningdek, boshqa tashkilotlar mutaxassislari va malakali ekspertlarini jalb etish;
rahbariyatning topshirig’iga ko’ra davlat organlarida respublika va xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan tadbirlarda Matbuot kotibi vakolatiga taalluqli masalalar bo’yicha filial nomidan vakillik qilish;
filialning axborot siyosatini takomillashtirishga doir takliflarni, Matbuot kotibi faoliyati masalalari bo’yicha normativ hujjatlar loyihalarini rahbariyatning ko’rib chiqishi uchun kiritish;
8. Matbuot kotibi:
o’ziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va o’z vaqtida bajarilishi;
filialga tegishli bo’lmagan axborotlarni tarqatish qonunda belgilangan tartibda javobgarlik belgilanadi.
4-bob. Matbuot kotibining faoliyatini tashkil etish
9. Matbuot kotibi filial direktori tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
10. Matbuot kotibi faoliyati filial direktori tomonidan tasdiqlanadigan ish reja asosida tashkil etiladi.
11. Matbuot kotibi bevosita filial direktoriga bo’ysunadi.