- Ushbu baholash mezoni texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni 2-kursdan o‘qishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan suhbat jarayonlarini baholash tartibini belgilab beradi.
- Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan suhbat jarayoni har yili 10 avgustdan 25 avgustgacha, TTA Urganch filiali (keyingi o‘rinlarda - Filial) tomonidan belgilangan muddatda, Suhbat komissiyasi tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda o‘tkaziladi.
- Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu o‘quv yili uchun qayta suhbat o‘tkazilmaydi va ular oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilinmaydi.
- Bitiruvchi uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, xizmat safarida bo‘lganligi yoki oila a’zolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) suhbatda ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa yoki ishtirok etmasa, suhbat o‘tkazilgan sanadan uch kundan kechikmay Filialda tuzilgan qabul komissiyasiga murojaat etishi lozim. Mazkur toifadagi bitiruvchilar uchun suhbat jarayonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng bir hafta muddat ichida qo‘shimcha suhbat o‘tkaziladi.
- Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:
mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish ko‘rsatish);
shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, mas’uliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.
- Suhbat jarayonida Suhbat komissiyasining har bir a’zosiga namunaviy shakldagi bitiruvchining suhbat natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda — suhbat natijalarini qayd etish varag‘i) beriladi.
Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varag‘iga har bir bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra ball belgilab boriladi va imzolanadi.
- Har bir savol 100 ballik tizimda baholanadi va umumiy to‘plash mumkin bo‘lgan ballning 25% ni tashkil qiladi. Umumiy ballni aniqlash uchun har bir savol bo‘yicha suhbat komissiyasining har bir a’zosi tomonidan qo‘yilgan ballar qo‘shib chiqiladi, o‘rtachasi aniqlanadi va 0,25 ga ko‘paytiriladi. Har bir savol bo‘yicha olingan ballarning yig‘indisi umumiy ball sifatida hisobga olinadi.
Misol uchun. Bitiruvchiga qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi:
1-savol – 80 ball;
2-savol – 90 ball;
3-savol – 85 ball;
4-savol – 70 ball.
Umumiy ball=(80x0,25)+(90x0,25)+(85x0,25)+(70x0,25)
Umumiy ball=20+22,5+21,25+17,5
Umumiy ball=81,25 ball.
- Jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.
- Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha suhbat jarayoni yakunlangach Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan to‘ldirilgan suhbat natijalarini qayd etish varaqlaridagi ballar hisoblab chiqiladi va shu asosida namunaviy shakldagi bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda — suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i) to‘ldirilib, Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 67 ball va undan yuqori bo‘lganda abiturient suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxati shu kunning o‘zida abiturientlarga o‘qib eshittiriladi.
- Oliy ta’lim muassasasida suhbatlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun apellyasiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyasiya shikoyatlari suhbat natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida Filialda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma shaklda yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va appelyasiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha bo‘lgan muddatda videoyozuv asosida ko‘rib chiqiladi.