TTA Urganch filiali klinikasi
O’zbeksiton Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatiga tashrifining 5-son bayonnomasi 45-punktiga muvofiq Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining eski binosi hududida Rossiya Federatsiyasining I.P.Pavlov nomidagi 1-son Sankt-Peterburg Davlat Tibbiyot Universiteti bilan hamkorlikda 145 o’rinlik Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali klinikasini tashkil qilish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ushbu klinikaning loyihasini va kontseptsiyasini puxta ishlab chiqib, ko’rib chiqish uchun Prezident Devoniga taqdim etish topshirig’i berildi. Klinikaning kontseptsiyasi TTA va TTA Urganch filiali tomonidan ishlab chiqilib, 2017 yil fevral oyida Prezident Devoniga taqdim etilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 maydagi “Xorazm viloyatining sog’liqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko’rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-4949-sonli Farmoyishiga asosan Urganch shahar markaziy kasalxonasi negizida rekonstruktsiya qilinishi ko’zda tutilgan TTA Urganch filiali klinikasi binolari “Irdimzonqurilish” xususiy korxonasi tomonidan 2017 yil 30 dekabrdagi 1-sonli Xabarnoma (Avizo) ga muvofiq 2018 yilning 29 mart kuni TTA Urganch filiali rahbariyati tomonidan qabul qilib olindi (Davlat qabul komissiyasi tomonidan 2017 yil 28 dekabrda qabul qilib olingan).
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 dekabrdagi “Xorazm viloyati sog’liqni saqlash tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 994-sonli qarorida ham klinika faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha aniq ko’rsatmalar berildi va shularga asosan O’zR SSV ning 2018 yil 20 iyundagi 397-sonli buyrug’i bilan klinika 2018 yilning 1 iyulidan boshlab o’z faoliyatini boshlashi to’g’risida aytilgan.
2018 yil 22 iyun kuni O’zR SSV ning 155-K-sonli buyrug’i bilan S.R.Ismoilov klinikaning bosh vrachi etib tayinlandi. Klinikada yaratilgan yangi bo’sh ish o’rinlari to’g’risida Xorazm viloyati Urganch shahri bandlikka ko’maklashish markaziga ma’lumot berildi va 2018 yil 25-28 iyun kunlari ish so’rab murojaat qilgan o’rta tibbiy xodimlar uchun 28 iyun kuni O’zR SSVning 380-buyrug’iga asosan tanlov o’tkazildi, oliy ma’lumotli hamshiralar suhbat asosida, vrachlar, kichik tibbiy xodimlar va xo’jalik xodimlari esa o’z murojaatlari asosida ishga qabul qilindilar.
Hozirgi kunda O’zR SSV tomonidan viloyatimizga “Salomatlik-3” loyihasi tomonidan ajratilgan 12 nomdagi hamda Viloyat SSB tomonidan 9 nomdagi tibbiy asbob-uskunalar hamda yetarli miqdordagi yumshoq jihozlar (ko’rpa-to’shak, yostiq, choyshab va b.) vaqtincha foydalanish uchun qabul qilib olindi, shuningdek, klinikaning laboratoriyasi ham imkon darajada o’z ish faoliyatini boshladi. Shular asosida bugungi kunda klinikaning umumiy terapiya, endokrinologiya, allergologiya, gematologiya, LOR va pediatriya bo’limlarida bemorlar yotqizilib, davolash ishlari 2018 yil 2 iyul kunidan boshlab yuborildi.
2018 yil 10 sentyabr kuni O’zR SSV dan klinikaning pullik tibbiy xizmat ko’rsatish bo’yicha ruxsatnomasi olindi va shu asosida bemorlarga pullik tibbiy xizmat ko’rsatish ham yo’lga qo’yildi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, klinikaning xirurgiya va reanimatsiya bo’limlari yetarli tibbiy asbob-uskunalar yo’qligi uchun shu bugungi kungacha ham ishga tushirilmagan. Klinikani kerakli tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash bo’yicha O’zR SSV ga bir necha bor murojaat qilindi va muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning 2018 yil 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashriflaridan keyin klinikaning to’liq o’z faoliyatini olib borishi uchun zarur bo’lgan 1 931 535 AQSH dollari qiymatdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hozirda O’zR SSV tomonidan xarid qilinish ishlari olib borilmoqda.
Ismoilov Soloy Ro‘zmamatovich
t.f.d., professor
E-mail: isoloy@umail.uz
E-mail: isoloy@mail.ru
E-mail: klinika_urgfiltma@umail.uz