TTA Urganch filialining Talabalar turar joyida profilaktik tadbir o'tkazildi

2018 yil 23 fevral kuni TTA Urganch filiali Talabalar turar joyi (TTJ)da  talabalar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish bo‘yicha Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari K.R.Yakubov, Ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i E.N.Alimov, uslubchi U.O.Karimov, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari J.N.Jumaniyazov, I.B.Salayev, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi BT etakchisi X.A.Jumanazarov, filial psixologi D.Sh.Avazyazova, Murabbiylar Kengashi raisi M.R.Raximova, TTJ tarbiyachi pedagogi B.Abdalovlardan iborat Ishchi guruh tuzilib, TTJda yashovchi talabalar ishtirokida Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali Talabalar turar joyida yashovchi talabalar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklar (Turli xil yot g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” illatlarning yoshlar orasida tarqalishini oldini olish, “Xavfsiz onlayn muhit”, telefondan foydalanish madaniyati)ni oldini olishga qaratilgan, TTJda yashovchi talabalarning ichki tartib-intizom, odob-axloq va ozodalikka rioya qilishlari profilaktikasiga bag‘ishlangan reyd tadbiri o‘tkazildi. Zero, yoshlarda zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, mobil telefondan foydalanish madaniyatini shakllantirish, bu boradagi dunyoqarashni oshirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Profilaktik tadbirda Ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari K.R.Yakubov so‘z olib, talaba-yoshlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish muhim vazifa ekanligi, tegishli mutasaddi tashkilotlar hamda ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda filialda profilaktik tadbirlar muntazam ravishda olib borilayotganligi, bugungi tadbir ham ana shunday tadbirlardan biri ekanligi to‘g‘risida aytib o‘tdi.

K.R.Yakubov o‘z nutqida bugungi shiddatkor axborot asrida yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning tahdidlaridan, diniy ekstremistik oqimlar ta’siridan asrashda barcha, shu jumladan, bevosita yoshlarning o‘zi ham mas’ul ekanliklari, hozirgi kunda eng ko‘p e’tibor qaratilgan jihat — bu bevosita  yoshlar masalasi ekanligi, yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, sport musobaqalariga keng jalb etish turli huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning oldini olishda eng ta’sirchan hamda samarali yo‘l hisoblanishi, shuni inobatga olgan holda, har bir talaba filialda tashkil qilingan to‘garaklarga, ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi tadbirlarda qatnashishda faol bo‘lishlari lozimligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

 

Shuningdek, tadbirda taraqqiyotning shiddatli oqimi hayotga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yangiliklar, ixtirolarni olib kirayotganligi, biz bugun olamshumul yangilikka juda tez moslashib, bu masalaga odatiy hol sifatida qarashimiz, o‘tgan asrning 90-yillarida paydo bo‘lgan mobil aloqa tizimi dastlab barchamizni hayratga solganligi, uning imkoniyat va qulayliklari bir tomondan yaxshi ekanligi, lekin mobil telefon xizmatining yana bir nozik tomoni bu yoshlarimiz tarbiyasiga, hatto katta yoshdagilar ruhiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida,  so‘nggi paytlarda dunyo hamjamiyati mobil telefonlarning yoshlar tarbiyasiga zarari to‘g‘risida ham bong urayotgani bejiz emasligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi  va Ishchi guruh a’zolari yoshlarning telefondan foydalanish madaniyati borasida talabalarning fikr-mulohazalarini o‘rganishib, ularning mobil telefonlari xotiralarini tekshirib ko‘rishdi. Tekshirish jarayonida talabalar  telefonlarida turli o‘yinlarni yozib olish va telefon xotirasida saqlash kabi salbiy holatlar, shuningdek, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy xislatlarni buzuvchi, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va pornografik, soxta diniy mafkurani targ‘ib qiluvchi, atrofdagilarni salbiy holatlarga da’vat etuvchi materiallardan iborat bo‘lgan ko‘rgazma, fon sifatida xizmat qiluvchi rasmlar, audio-video yozuvlar, chizma va suratli tasvirlar, ovozli video roliklar mavjudligi aniqlanmadi.

Shu bilan bir qatorda tadbirda talabalar turar joyida yashovchi talabalarning ichki tartib-intizom, odob-axloq va ozodalikka rioya qilishlari profilaktikasi bo‘yicha,  shuningdek, xonalarda ozodalikka rioya qilishlari borasida  filial psixologi D.Avazyazova, Murabbiylar Kengashi raisi M.Raximovalar ham o‘z fikr-mulohazalarini berib o‘tishdi va ayniqsa, qizlarning ibo-hayosi, qizi bor xonadon ostonadanoq sarishtaligiyu, ko‘rkamligi bilan ko‘zga tashlanishini e’tirof etgan holda Talabalar turar joyidagi ozodalik va saranjomlikda ham talaba-qizlarning o‘rni bo‘lakcha ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.  SHu bilan bir qatorda qizlar tarbiyasida muomila madaniyati, kiyinish odobi, ro‘zg‘or tutish, oilani asrash kabi eng dolzarb masalalar bo‘yicha konsultativ maslahatlar berib o‘tishdi.

Ishchi guruh a’zolari Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talabalarning xonalarini kuzatib chiqishdi. Xonalar, oshxona va yuvinish xonalari ko‘zdan kechirilganda, ba’zi qavatlarda sanitariya holatlari yaxshi emasligi va xonalar besaranjomligi aniqlandi.

Ishchi guruh Talabalar turar joyida ozodalik va sanitariya holatlari qay ahvolda ekanligiga baho berishdi. Tadbir yakunida Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari K.R.Yakubov tomonidan Talabalar uyi tarbiyachi-pedagogiga, Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosarlariga va qavatlar sardorlariga bu boradagi kamchiliklar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli yoshlar

bilan ishlash bo‘limi uslubchisi G.Sh.Xusainova