+99862 224 84 84 | This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.                                                                                                                                      

Deutschland online bookmaker http://artbetting.de/bet365/ 100% Bonus.

Ma'naviy-ma'rifiy faoliyat

 

Bilim, ma’rifat yaxshi ahloq bilan bezanmog‘i lozim.

Abu Nasr Farobiy

Dunyodagi har bir millat, davlat o‘zining taraqqiyot jarayonida ma’naviyatga ehtiyoj sezib kelgan va sezadi. Bu tarixiy zaruriyatdir. Ma’naviyati yuksak darajada rivojlangan mamlakatgina porloq istiqlolga egadir. Uning xalqi va millati o‘zini qadrlaydi, o‘tmishi bilan faxrlanadi va kelajakka ishonch bilan qaraydi. O‘zbek xalqining ma’naviyat dunyosi boy va havas qilsa arzigulik. Hech kimga sir emaski, xalqimiz o‘zining boy tafakkur xazinasi, yuksak ma’naviyati bilan olamni hayratga solib kelishgan.    

Ma’naviyat-insonning aqliy, axloqiy, ilmiy, amaliy  fazilatlarining yig‘indisidir. Insonda ma’naviyatli bo‘lishga, uni rivojlantirishga imkon beradigan tug‘ma iste’dod va imkoniyatlar mavjud. Lekin, bu imkoniyatlar bevosita tarbiya, mehnat, hayot tajribasi, jamoatchilik bilan aloqalar asosida sayqal topib, inson qalbida chuqur o‘rnashadi. TTA Urganch filiali Ma’naviy va ma’rifiy ishlar faoliyatining asosiy maqsadi ham talaba-yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlariga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning ruhiy-estetik dunyoqarashini kengaytirish, tafakkurini yuksaltirish, har xil “ommaviy madaniyat” xurujlaridan avaylab-asrash, Mustaqil O‘zbekistonning haqiqiy fidoyisi bo‘lib kamol topishini shakllantirishdan iborat.

Talabalar  ma’naviyatini yuksaltirish va yoshlarning bilim saviyalarini oshirishdek sharafli ishda filialning “Ma’naviyat va ma’rifat”  va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi ham samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Bo‘lim  talaba-yoshlar qalbida milliy qadriyatlarimizga hurmatni shakllantirish,  filialda qobiliyatli yoshlarni izlab topish va ularning iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlashdek xayrli ishlarni amalga oshiriribgina qolmay, filialda olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarga boshchilik qilish, bo‘limlar, kafedralarning ma’naviy-ma’rifiy tajribalarni umumlashtirish, uslubiy adabiyotlar tayyorlash va ularni nashr qildirish, talabalarning ma’naviy dunyosini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida faoliyat olib boradi.

Bo‘limni  Alimov Elyorbek Narxanovich boshqaradi.

Shuningdek, bo‘limda bugungi kunda Karimov Umidbek Ollaberganovich , Xusainova Guli Shavkatovnalar uslubchi, Raximov Azizbek Bekturdievich TTJ tarbiyachi pedagogi lavozimida ish olib borishadi.

         Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda filialda har bir o‘quv yilida quyidagilarga asosiy e’tibor qaratiladi:        

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi «Ma’naviyat va ma’rifat» markazining Nizom va ko‘rsatmalari asosida ish olib borilib, asosan, yoshlarning ma’naviyati va ma’rifatini kamol toptirishga e’tibor qaratiladi;Davlat dasturlarining ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlangan rejalar bo‘yicha faoliyat ko‘rsatiladi;
  • Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarga bog‘liq chora-tadbirlarni filialda samarali  bajarilishiga e’tibor qaratiladi;
  • Talaba-yoshlar orasida ma’naviy-axloqiy, estetik, siyosiy, huquqiy, olijanoblik fazilatlarini shakllantirishda milliy urf-odatlar, qadriyatlar asosida olib borilayotgan anjumanlar va uchrashuvlar tashkillashtiriladi;
  • Filialda  ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini belgilash, ularga zarur normativ hujjatlar hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi;
  • Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining shahar, tuman bo‘limlari hamda mamlakatimizda xizmat ko‘rsatib kelayotgan fondlar, ijtimoiy tashkilotlar bilan birgalikda ma’naviy-targ‘ibot ishlari shakllantiriladi;
  • Filialda  ma’nan boy barkamol yosh avlodni tarbiyalashda, har tomonlama qobiliyatli va iqtidorli talabalarni kamol toptirishda ilmiy, ma’naviy va sport-sog‘lomlashirish to‘garaklari faoliyatini takomillashtirishda   tavsiyalar ishlab chiqiladi;Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda meditsina madaniyatini yuksaltirishda filial jamoasi uchun turli ommaviy tadbirlar, jumladan, bayram kechalari, yarmarkalari, festival va ko‘rgazmalar, sport musobaqalari muntazam tashkil qilinadi;
  • Muntazam ravishda  filialda va Talabalar turar joyida filial Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushma qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, filial Talabalar turar joyi tarbiyachi – pedagogi, filial psixologi, filial Murabbiylar kengashi hamda Axborot resurs  markazi bilan hamkorlikda huquqni himoya qiluvchi organlar, OAV xodimlari, viloyat hokimligi faollari, taniqli madaniyat va san’at arboblari bilan uchrashuvlar, bayram tadbirlari, turli tanlov va musobaqalar tashkillashtiriladi.
  • Yuqorida qayd qilingan tadbirlarning amalda qo‘llanilishi bilan nafaqat oliy toifali shifokorlarning etishib chiqishi, balki, ma’naviyatli va har tomonlama etuk mutaxassislarni kamol topishiga erishilmoqda.

 

Shu kungacha bo‘limda qator turli xil tadbirlar amalga oshirilib, yuzlab ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi bannerlar, ko‘rgazmalar, uslubiy  qo‘llanmalar tashkil qilindi. Viloyat miqyosida oliygohlar  o‘rtasida  o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda filial talabalari faollikni qo‘ldan berishmay, hamisha faxrli o‘rinlarni egallab kelishadi.               

Filialda sport sog‘lomlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Talabalar turar joyida va axborot resurs  markazida  doimiy ravishda ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinadi, jumladan Talabalar turar joyida “Kafedra kunlari” tashkil qilingan. Viloyatda o‘tkaziladigan 1 sentabr - Mustaqillik kuni  va “Navro‘z” bayramlarida filial professor-o‘qituvchilari va talabalarining faol ishtiroki ta’minlanib kelinmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, keyingi yillarda o‘tkazilayotgan tadbirlar saviyasi yuqori darajaga ko‘tarilishiga erishilmoqda. Respublikamizdagi taniqli aktyorlar, shoirlar va huquq-targ‘ibot organlari xodimlari bilan filialda uchrashuvlar soni va sifati ortmoqda. TTA Urganch filialda ishlab chiqilgan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi  dasturlar rejalariga asosan  ijarada yashovchi talabalar yashash sharoitlarini o‘rganish, filial talabalar turar joyida kafedra kunlarini o‘tkazish samaradorligini oshirish, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va boshqa masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Filialda 2015 yildan buyon  “Talabalar teatr – studiyasi” ni tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, rejaga asosan teatr – studiyasining faol ishtirokini ta’minlash maqsadida  Xorazm viloyat musiqali drama teatri bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib borilmoqda. Talabalar teatr - studiyasi ishtirokchilari hozirgi kundagi eng dolzarb muammolar, jumladan, giyohvandlikga qarshi, OITSga qarshi va odam savdosiga qarshi kurashishga oid hamda chet davlatlarga borib oson yo‘l bilan ko‘p daromad orttirishni niyat qilgan yoshlar hayoti haqidagi ssenariylar  ustida ish olib borishib,  filial miqyosida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda spektakllar namoyish qilib kelishadi.

Millatlararo  totuvlik, bag‘rikenglik – milliy mafkuramizning asosiy g‘oyalaridan biri sanaladi. Turli millat va elatlarning  yagona  Vatan, jannatmakon O‘zbekistonda hamjihat bo‘lib yashayotganliklari – xalqimizning bebaho qadriyati bo‘lmish bag‘rikenglik natijasidir. TTA Urganch filiali ham millatlararo do‘stlikning namunalaridan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  Chunki, filialda turli millat vakillaridan iborat talabalar do‘st va inoq, o‘zlarining iste’dodlari va iqtidorlarini namoyish qilgan holda tahsil oladilar. Har yili viloyat hokimligi, viloyat  milliy-madaniy markazlari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston yagona uyimiz!” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan.

Yoshlar o‘rtasida mamlakatimizning qadimiy va boy tarixini keng targ‘ib etish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida yurtimizdagi tarixiy obidalar, muzeylar, ulug‘ ajdodlarimiz nomlari bilan bog‘liq muqaddas ziyoratgohlarga muntazam ravishda tashriflar uyushtirilmoqda. Yurtimizdagi tarixiy obidalar, ulug‘ ajdodlarimiz nomlari bilan bog‘liq muqaddas ziyoratgohlar haqida risolalar, bukletlar, ijtimoiy roliklar tayyorlash va keng targ‘ib qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Talabalar bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish maqsadida filialda ilmiy, ma’naviy va sport-sog‘lomlashtirish yo‘nalishida turli to‘garaklar tashkil qilingan. To‘garaklarga  tajribali professor-o‘qituvchilar jalb qilingan bo‘lib, ularni olib borishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalaniladi. Shuningdek, olib borilgan ishlar bo‘yicha Ma’naviyat va ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limiga doimiy ravishda hisobotlar taqdim qilib boriladi.

Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashda kutubxonalarning, kitobning ahamiyati kattadir. Kutubxonalar insonlarga ziyo tarqatuvchi, ma’naviyatga eltuvchi maskandir. Qadim zamonlardan kutubxonalar ziyolilarining sevimli maskanlari hisoblanangan. Xorazmiy, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Jomiy, Navoiy kabi ulug‘ siymolarimiz o‘z zamonlarining boy kutubxonalaridan foydalanganlar, kitob to‘plash ishlariga homiylik qilganlar.

Talabalar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga  qaratilgan, filial Axborot-resurs markazi bilan hamkorlikda bo‘lim tomonidan yoshlarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida har yili “Kitobxonlar bayrami”, “Adabiyot kunlari” , “Kitob taqdimoti” mavzularida  madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilib, “Eng yaxshi kitobxon  talaba”, “Kitob mening yaqin do‘stim” kabi tanlovlar o‘tkazib kelinadi. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan taqdim qilingan asarlarni elektron turda filial rasmiy saytiga joylashtirishni yanada kuchaytirish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bo‘limda har yili talabalar bilimi va qobiliyatini inobatga olgan holda iqtidorli talabalar ro‘yxati shakllantiriladi. Bu ro‘yxat ko‘rsatkichlarining har yil o‘sib kelayotganligi filialda iqtidorli va izlanuvchan talaba- yoshlarning safi kengayib borayotganidan dalolatdir. Abu Ali ibn Sino, Bahovuddin Naqshband, Al-Buxoriy, G‘ijduvoniy singari buyuk allomalarning munosib vorislari o‘laroq yurt ishonchini oqlab, ilmu tafakkuri ila yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘layotgan yoshlarimiz orasida Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali talabalari ham bor. Jumladan, TTA Urganch filiali talabalari orasidan shu kungacha 2 nafar Prezident stipendiyasi, 8 nafar Ibn Sino nomidagi stipendiya, 5 nafar Respublika Shifokorlar Assotsiatsiyasi stipendiyasi sovrindorlari yetishib chiqishgan.  Filialning iqtidorli talabalari respublikamiz miqyosida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida, turli ko‘rik-tanlovlarda ham faxrli o‘rinlarni egallashmoqda.

Ana shunday iqtidorli talabalardan biri, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining davolash yo‘nalishi bo‘yicha  talabasi Elnurbek  Karimov bo‘ladi. U 2016 yilning 15-17 dekabr  kunlarida Toshkent shahrida O‘zXDP tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh siyosatchi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida faxrli 3-o‘rin sohibi bo‘lgan.

Filialning yana bir iqtidorli talabasi Ozod Rashidov 2017 yilning 8-9 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Shotakan karate-do bo‘yicha O‘zbekiston Chempionatida 78 vazn bo‘yicha 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. Shuningdek, KEMPO bo‘yicha 2018 yilning 13-14 avgust kunlari  Surxandaryo viloyatida o‘tkazilgan O‘zbekiston Kubogi musobaqasida 18 va undan yuqori yoshdagi sportchilar o‘rtasida 70 kg vazn toifasida 3-o‘rin sohibi bo‘lgan.

Filial talabalari nafaqat o‘qishda va ma’naviy tadbirlarda faol ishtirok qilishadi, balki jamiyatimizning asosiy jabhalaridan biri bo‘lgan tadbirkorlik sohasida ham peshqadam yoshlardan sanaladi. Buning misoli tariqasida filialimiz talabasi Fazilat Atabaevaning O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi va Tadbirkor ayollar uyushmasi tomonidan Toshkent shahrida 2018 yilning 18 sentabr sanasida o‘tkazilgan respublika miqyosidagi tanlovda “Yilningeng yosh tadbirkori” nominatsiyasi sovrindori, O‘zbekiston Tadbirkor Ayollar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi tomonidan 2018 yilning 29 sentabr kuni o‘tkazilgan “Anor-2018” Respublika ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyat bosqichida “Aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Iqtidorli qizimiz bugungi kunda “Fazilat mega shirinliklari” xususiy korxonasi rahbari ham sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 2 fevraldagi PF-5325-sonli Farmoniga binoan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga taqdim etilishi belgilandi. Ahamiyatli jihati, yosh chegarasining 22 dan 30 yoshgacha uzaytirilganligi fan-ta’lim sohasida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan olima qizlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berishidadir. Ushbu Farmonning qabul qilinishi ham yurtimizda ayol bilan jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning naqadar muhim ekani va xotin-qizlar yurtboshimizning e’tibori va ehtiromida ekanini isbotlab turadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 3-son bayoni qarorida ham 2018-2019 o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari, Zulfiya mukofoti sovrindorlari, sport musobaqalari g‘oliblari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolari mos ta’lim yo‘nalishlariga test sinovlarisiz va kasbiy(ijodiy) imtihonlarsiz tanlovdan tashqari davlat granti asosida qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.  2018-2019 o‘quv yili uchun qabulda TTA Urganch filiali Davolash ishi yo‘nalishiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ismoilova Ozoda Anvarovna hujjat topshirdi va filialimizning talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Filialda  bugungi kunda 18 ta kafedra mavjud. Ana shu kafedralarning barchasida va filialning talabalar turar joyida ma’naviyat xonalari tashkil qilingan. Shu bilan birga, har bir kafedraga ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlar berkitilgan. Mas’ul xodimlar  “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda ish olib borishadi.

Bo‘lim xodimlari  Respublika Ma’naviyat  va ma’rifat  markazi viloyat bo‘linmasi bilan hamkorlikda viloyat va tuman markazlari, mahallalar va harbiy qismlarda belgilangan reja asosida targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok  etadilar. Bu targ‘ibot tadbirlarida ishtirok qilishga bo‘lim tomonidan filialning faol professor-o‘qituvchilari tavsiya qilinadi. Targ‘ibot guruhidagi professor-o‘qituvchilar viloyatimiz bo‘ylab mahallalar, maktab va kollejlar hamda turli tashkilotlarda milliy qadriyatlarimiz,sog‘lom turmush tarzi, yot g‘oyalarga qarshi kurash, shuningdek, buyuk allomalarimizning ma’naviy meroslarini asrab-avaylash va o‘rganishni targ‘ib qilib kelishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyruq va ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash maqsadida har yili filialda “Quvnoqlar va zukkolar” hamda “Tafakkur sinovlari”  respublika tanlovlarining saralash bosqichlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Bu ko‘rik-tanlovlarda  filialimizning iqtidorli talabalari faol ishtirok qilishib kelmoqdalar.

Yurtimizda ulug‘ ishlar, savobli tadbirlar ko‘paymoqda. Yoshlarning bilim olish darajasi ko‘tarilmoqda, ular o‘z iqtidor va salohiyatlarini  namoyon etgan holda chet ellarda ta’lim olishmoqda. Bu ezgu ishlar mamlakatimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga egadir. Ma’naviy yetuklik bor joyda insof, diyonat , himmat, muruvvat, oliyjanoblik, tashabbuskorlik, ijodkorlik ham albatta ko‘zga tashlanadi. Kelajak avlodning nechog‘li pok, ma’naviyati yuksak bo‘lishi zamondoshlarimizning halol mehnatiga, yosh avlodga ma’naviyat va ma’rifat yog‘dularini singdira olishga bog‘liqdir. Har biri kishi o‘zi mansub bo‘lgan millatning tarixi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanidagi barcha madaniyat va qadriyatlarni bilishi, milliy tafakkur va g‘ururini idrok etishi kerak. Ana shundagina yoshlar qalbida vatanga muhabbat va mehr shakllanadi. Bu borada Ma’naviyat-ma’rifat, iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limida ham samarali ishlar olib borilmoqda. Bo‘limda soha mutaxassislari hamda hamkor tashkilotlar bilan aloqalar  yo‘lga qo‘yilgan. Ular bilan hamkorlikda turli dolzarb mavzularda anjumanlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari va madaniy tadbirlar uyushtirib kelinadi.  Jumladan, “Ma’naviyat va ma’rifat” va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan  har yili  filialda:

         - Filial Xotin-qizlar qo‘mitasi, filial Kasaba uyushma qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, filial Talabalar turar joyi tarbiyachi – pedagogi, filial psixologi, filial Murabbiylar kengashi hamda Axborot resurs markazi hamkorlikda filial professor-o‘qituvchilarning talabalar bilan kasbga oid va boshqa hayotiy mavzularga oid erkin fikr almashishlariga qaratilgan uchrashuv, suhbatlar, seminar treninglar tashkil etiladi. Shuningdek, 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni, 8 mart-Xalqaro xotin-qizlar kuni, 9 may-Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik bayrami, 8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni va mamlakatimiz miqyosida nishonlanadigan boshqa muhim sanalarga bag‘ishlab bayramlar, sport musobaqalari o‘tkazib kelinadi.

         - Filial talabalari o‘rtasida  “Biz yurtimizning iqtidorli yoshlarimiz!”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz!”, “Biz yoshlar sog‘lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida “Eng yaxshi plakat”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi ijtimoiy audiorolik ssenariysi” va “Eng yaxshi ijtimoiy videorolik ssenariysi”,“Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman?” hamda “Biz terrorizmga qarshimiz!” mavzularidagi insholar tanlovlari bo‘lib o‘tadi. Tanlov yakunlari to‘g‘risidagi hujjatlar (tashkiliy guruh va hakamlar hay’ati qarorlari xamda bayonnomalari) belgilangan tartibda Vazirlikning tashkiliy guruhiga taqdim etib boriladi.

      - 17 noyabr- Butun jahon talabalar kuniga bag‘ishlab  birinchi bosqich talabalarining “Talabalikka qasamyod” tadbiri bo‘lib o‘tadi.

         -  Xorazm viloyat OITSga qarshi kurash markazi bilan hamkorlikda “OITS – XXI asr vabosi” mavzusida “Butunjahon OITS ga qarshi kurash kuni” munosabati bilan uchrashuv tashkil etiladi.

        - “Axborot va mafkuraviy xurujlar”, “Biz diniy ekstrimizmga qarshimiz!” mavzularida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda davra suxbatlari tashkil qilinadi.

        -  Mustaqillik bizga faqat erkimiz, huquqlarimiznigina emas, balki ming yillik boy madaniy merosimizni ham qaytarib berdi. Ana shunday madaniy qadriyatlarimizdan sanalmish Navro‘z bayrami filialimizda ham keng nishonlanadi.

         - Ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarni tezkor xabar tarzida vazirlikning edu.uz sayti va Fikr.uz hamda filial rasmiy saytida doimiy yoritishga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasining bajarilishi bo‘yicha har bir kafedra hisobotlarini qabul qilish va monitoringini elektron katalog tarzida to‘liq tashkil qilishga erishilmoqda.

        -  Bo‘lim xodimlari har yili o‘quv yili davomida talabalar turar joylari uchun tayinlangan tarbiyachi, navbatchilarning rejalarini ko‘rib chiqib, doimiy nazorat olib borishmoqda. Talabalar turar joylarida “ Ma’naviyat va ma’rifat” xonalari gazeta va jurnallar, zarur adabiyotlar bilan ta’minlangan.

         - Talabalarning respublika miqyosida sport musobaqalarida qatnashishlari uchun komandalar tarkibi shakllantirilgan, ular bilan sport murabbiylari muntazam ravishda mashg‘ulotlar olib borishadi. Ayniqsa, TTJ da yashovchi talabalarning filialda faoliyat ko‘rsatayotgan sport to‘garaklariga jalb etish ishlari bo‘lim tomonidan  doimiy ravishda nazoratga olib boriladi. Guruh murabbiylari “Axborot soatlari”da hamda murabbiylik soatlarida talabalarga dunyoda bo‘lib o‘tayotgan sport musobaqalarida o‘zbek sportchilarining yutuqlari haqida suhbatlar uyushtirib, yurtimizda etishib chiqqan sport chempionlari bilan uchrashuvlar tashkil qilib borishadi.

        - Ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilishda yoki ma’naviyatning kishilar qalbida o‘rin olishida, iqtidorli yoshlarni elga tanitish, ular salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda  atrof muhit, mahalla ahli, ota-onalar, ustoz-murabbiylar va shuningdek, radio, televideniening ta’siri ham kuchli vositalardan sanaladi. Bu borada bo‘limining faoliyati ham e’tiborga loyiq bo‘lmoqda. Filialda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar mahalliy radio va telekanallar orqali eshittirish va ko‘rsatuvlarlarda ishtirok qilishadi.

Ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib qilish g‘oyat sharafli vazifadir. Avlod-ajdodlarimizning tabarruk merosini o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, kelgusi avlodlarga gard yuqtirmay yetkazish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Shundagina quyosh o‘z shu’lasi bilan tabiatga jon berganidek, ma’naviyat inson qalbining quyoshi bo‘la oladi va bu quyoshning nuri va shuuri bugunni hamda kelajakni nurafshon etadi.

Ma’naviy-ma’rifiy  dasturlar doirasida o‘tkazilgan tadbirlar to‘g‘risidagi tafsilotlar muntazam ravishda  ommaviy axborot  vositalarida jumladan, “Diyor”, “Xorazm”, telekanallari hamda Fikr.uz, Youtube.uz, edu.uz saytlariga hamda filialning veb-sayti www.urgfiltma.uz saytlariga joylanadi.

Download Template Joomla 3.0 free theme.


         


 

 

BIZNING MANZIL

O'zbekiston, Urganch shahri

Al-Xorazmiy ko'chasi 28-uy

Tel +(99862) 224 84 84

Email  This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

Transport: 7-19 avtobus

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

   


Copyright © 2018 ТMА Urgench Branch. All Rights Reserved.